Telegram asoschisi Pavel Durov karantin odamlar uchun o‘z ustida ishlash, texnologiyalar uchun esa insoniyatga qanchalik foydali ekanligini isbotlash davri deb atadi. Bu haqda u o‘z Telegram kanalida yozdi.

«Hozirgi pandemiya insoniyatga tahdiddir. U tugagach, dunyo oldingi holatiga qaytmaydi. Biz sivilizatsiya o‘zgarishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Yangi dunyo biz qoldirib ketganimizdan ko‘ra yaxshiroq joy bo‘lishini ta’minlash barchamizning vazifamizdir», — dedi Durov.

Ma’lum qilinishicha, aprel oyida Telegram e’lon qilgan anti-covid19 loyihasi asosida 17 mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan yuritilayotgan rasmiy yangiliklar manbalarini tekshirib chiqdi va ularni targ‘ib qildi. Ular qatoriga O‘zbekistonning @koronavirusinfouz kanali ham kiritilgan.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, Telegram hukumatlar bilan kamdan-kam hamkorlik qiladi, ammo bu safar kompaniya koronavirus pandemiyasi haqida yolg‘on xabarlar tarqalishiga kurashishga qaror qildi.

«Telegram kompaniyasi nafaqat pandemiyaning oldini olish va tasdiqlanmagan ma’lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashish uchun, balki oldinga siljishning yangi usullarini topish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak, deb o‘ylayman», — dedi Telegram asoschisi.

Shu sababli, telegram axborot yordami yetkazish qatorida, yakka tartibda ta’lim muammolarini hal etishga ham hissa qo‘shishga harakat qiladi, deya ta’kidladi Durov. Keyinchalik bu haqda batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.