2018 yil 1 dekabrdan Gurlan tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Salayev Alisher Ro‘zmetovich Tuproqqal’a tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tasdiqlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Tuman markazi Pitnakda bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Tuproqqal’a tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqldi.

Shuningdek, Gaybiyev Sultanbay Muxamadjanovich tuman prokurori, Allaberganov Ixtiyor Baxtiyorovich tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Sultanov Inomjon Ikromovich tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimlariga tayinlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11−12 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Tuproqqal’a tumanini qayta tashkil etib, hududni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq 24 mart kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisi qarori qabul qilinib, qayta tiklanayotgan tumanning hududi belgilandi.

Xabarda qayd etilishicha, mazkur tuman tarkibiga kiruvchi hududlar Hazorasp tumaniga qo‘shilganiga qariyb 22 yil bo‘ldi. Biroq, shu davrda hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ancha ortda qolib ketdi. Aholining turmush sharoitida tub o‘zgarishlar sezilmadi. Xususan, 54 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan hududda umumtalim maktablarini, o‘rta maxsus, kasb-hunar talimi, tibbiyot va maktabgacha ta’lim muassasalari hamda ichki yo‘llar masalalari shu davrlarda e’tibordan chetda qolib kelgan. Madaniyat, sport, tadbirkorlik sohalari rivojlanmadi.