Regulation.gov.uz portaliga davlat tilida matni bo‘lmagan loyihalar portal ma’muriyati tomonidan avtomatik ravishda o‘chiriladi. Bu haqda Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Adliya vazirligining xabarida aytilishicha, davlat organlari loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) mustaqil ravishda o‘zlari joylashtirishadi. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida"gi Qonunining 8-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi.

Shunga asosan, davlat tilida matni bo‘lmagan boshqa tilda kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari regulation.gov.uz portal ma’muriyati tomonidan avtomatik ravishda o‘chirilishi haqida ogohlantirildi. Ushbu ogohlantirish 20 apreldan joylashtirilgan.

Shu bilan birga, tegishdi tartibga ko‘ra Adliya vazirligi ekspertiza yakunlari bo‘yicha hulosada loyiha o‘zbek tilida taqdim etilsin deb yozadi. Bundan tashqari, Hukumatning 2019 yil 22 martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 40-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari Hukumatga davlat tilida, zarurat bo‘lganda — rus tili va boshqa tillarga tarjima qilinib kiritilishi lozim, deyiladi xabarda.