17 aprel kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hukumat qarori bilan mazkur sinflarga maktablarning 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirilgan fanlardan qobiliyatini ko‘rsata olgan o‘g‘il va qizlar tanlov asosida qabul qilinadi. Maktablarning ixtisoslashtirilgan sinflarida o‘qish muddati 5 yildan (7−11-sinflar) iborat bo‘ladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan sinflarga 6-sinfni bitirgan 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Nomzodlardan tegishli hujjatlar 1−20 iyul kunlari qabul qilinadi.

Jismoniy tayyorgarlik sinovlari 21 iyul — 5 avgust, tegishli fanlar bo‘yicha test sinovlari 15−25 avgust kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Jismoniy tayyorgarlik sinovlari yakunlari bo‘yicha 100 ballik tizimda 70 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar test sinovlariga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2017 yil 17 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, respublikada 56 ta maktabda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyat yuritmoqda. Har bir hududda 4 tadan. Jumladan, Toshkentda bunday sinflar Yashnobod tumanidagi 161, Yakkasaroy tumanidagi 172, Yunusobod tumanidagi 58 va Olmazor tumanidagi 326-maktablarda tashkil etilgan.