Cotton Campaign O‘zbekistonga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanganlik uchun qo‘yilgan boykotni hozircha bekor qilmaydi, deya ma’lum qilinadi xalqaro koalitsiyaning O‘zbekiston hukumatiga yo‘naltirgan javob xatida.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining hammuassisi Bennet Friman O‘zbekiston mehnat vazirining murojaatiga javob tariqasida «masala boykotni tugatishda emas, balki uni qachon va qanday tugatishda. Bundan tashqari, boykotni bekor qilish oqibatida islohotlar olib borilayotgan O‘zbekistonda inson va ishchilar huquqlarining ta’minlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan ma’suliyatli mahsulot yetkazib beruvchilar va investorlar paydo bo‘lishi ham muhim» deya ta’kidladi.

Cotton Campaign O‘zbekistonda paxta terimi bilan bog‘liq majburiy mehnatga barham berish yo‘lida erishilgan yutuqlarni olqishladi, biroq 2019 yilda fuqarolik jamiyati erkinliklari va majburiy mehnatga oid o‘zgarishlar bo‘lmagani haqidagi xavotirlar kuchayganini qo‘shimcha qildi.

Koalitsiya misol sifatida Xalqaro mehnat tashkilotining 2019 yilgi paxta yig‘im-terimida 100 mingdan ortiq odam ishlashga majbur bo‘lgani haqidagi kuzatuvlarini dalil asosida keltirgan.

«Biz O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish borasida erishgan yutuqlarini tan olamiz va bundan xursandmiz. Biroq brendlarning majburiy mehnatga nisbatan nolga teng bag‘rikenglik siyosati, qullikka qarshi qonunchilik talablari va Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) 2019 yilda 100 mingdan ortiq kishi majburiy mehnat sharoitida ishlagani haqidagi kuzatuvlari brendlarning xavotirlarini kuchaytirmoqda. [Shu o‘rinda] brendlar ishchilarni himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlarga ehtiyoj sezmoqda. Global pandemiya davom etayotganiga qaramay, a’zolarimiz uchun bu talablar muhimdir», — dedi Neyt Xerman, Amerika kiyim va poyafzallar assotsiatsiyasining siyosat bo‘yicha katta vitse-prezidenti.

Tizimli majburiy mehnatni to‘xtatish bo‘yicha qabul qilingan muhim choralarga qaramay, fuqarolik jamiyatining vakolatlari, shu jumladan mustaqil NNTlarni ro‘yxatga olish va ishchilarning mustaqil tashkil etilishi uchun imkoniyatlar yaratilishi talab qilinmoqda.

Cotton Campaign O‘zbekiston hukumatini ochiq va mas’uliyatli fuqarolik jamiyati uchun imkoniyat berishga chaqirdi, bu oshkoralik va hisobdorlikka hissa qo‘shadi hamda, o‘z navbatida, mas’uliyatli investitsiyalar uchun yo‘l ochadi, deyiladi xatda.

«Ishchilar va fermerlarni himoya qilish uchun brendlar bilan yo‘lga qo‘yiladigan har qanday tizim O‘zbekiston hukumati islohotlarni qabul qilishdan ularni amalga oshirishga o‘tgandagina samara beradi. Bu majburiy mehnatni yo‘q qilish uchun ham, brendlar ishonadigan axloqiy ta’minot zanjirlarini yaratish uchun ham juda muhimdir», — dedi Cotton Campaign asoschilaridan biri va Mas’ul manbalar tarmog‘ining vitse-prezidenti Patrisiya Yurevich.

Shunga qaramay, koalitsiya O‘zbekiston hukumati bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishiga umid qilmoqda. Koalitsiya islohotlar jarayonini O‘zbekistonda ishchilar, fermerlar va fuqarolik jamiyatiga foyda keltiradigan mas’uliyatli investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq qadamlar bilan qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyaga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanganlik uchun boykotni bekor qilishni so‘rab ochiq murojaat yo‘llagandi.

Ma’lumot uchun, o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykotda dunyoning 305 ta brendi, jumladan Adidas, Zara, Bershka, H&M, Burberry, American Eagle va boshqalar ishtirok etmoqda.