Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda velosiped yoki skuterda ishga qatnash uchun qanday hujjatlar bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 3 xil hujjatga ega bo‘lgan fuqarolar ishga velosiped yoki skuterda qatnashlari mumkin. Ya’ni, ular yonida har doim «pasport, ish joyidan guvohnoma yoki mehnat daftarchasini nusxasi, shuningdek, karantin paytida ishga jalb etilganligi haqida tashkilotdan ruxsatnoma bo‘lishi lozim», — dedi Shoxrux G‘iyosov.

Alohida ta’kidlanishicha, velosiped yoki skuterdan mazkur 3 ta hujjat bilan faqat ishga borib-kelish uchun foydalansa bo‘ladi, ularni boshqa maqsadlarda ishlatish karantin qoidalarini buzish hisoblanadi.

Do‘konlarda va dorixonalarda odamlar orasidagi masofa 2 metr bo‘lishi kerak. Ushbu qoidaga rioya qilmagan savdo ob’ektlari egalari va xaridorlar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, Shohrux G‘iyosov ko‘chada maqsadsiz yurgan fuqarolar tibbiy niqobda bo‘lish-bo‘lmasliklaridan qat’i nazar, ma’muriy javobgarlikka tortilishdan ogohlantirdi.