May oyidan boshlab pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank kartalariga o‘tkaziladi. Ushbu qaror Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi, deya xabar berdi «Koronavirus Info» telegram kanali.

Xabarda aytilishicha, ushbu qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra qabul qilingan va respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar davom etadi.

«Mazkur qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad pensioner va nafaqa oluvchilarning sog‘lig‘ini saqlash va koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan. Tibbiyot xodimlarining xulosalariga asosan, ushbu kasallik yoshi katta, surunkali kasallikka yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda og‘irroq kechadi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, naqd pulda koronavirus qo‘zg‘atuvchi qator bakteriya va noma’lum infeksiyalar mavjud bo‘lib, ular uzoq muddat (4−5 kun davomida) saqlanib qoladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda jami pensiya va nafaqa oluvchilar soni 3 mln. 734 ming 237 tani tashkil etadi. Pensiya va nafaqa tarqatish uchun esa AT Xalq bankining 4 ming 355 ta xodimlari, 600 dan ortiq avtotransport vositalari haydovchilari hamda Markaziy bank Inkassatsiya xizmatining 1 000 dan ortiq xodimlari jalb etilgan. Ushbu jarayonga 1 090 ta ichki ishlar idoralari xodimlari ham biriktirilgan.

«Naqd pul shaklida pensiya va nafaqalarni olish va tarqatish jarayonida qariyb 4 mln. odamlarning o‘zaro muloqoti respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavf-xatarini keskin oshirib yuboradi va koronavirus tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi Markaziy bank axborotida.

Markaziy bank pensiya va nafaqalarni bank kartalariga o‘tkazish karantin cheklovlari hisoblanishini ta’kidlagan. Respublika maxsus komissiya qarorida pensiya va nafaqalarni bank kartalari orqali berish respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar amal qilishi hamda respublikamizning barcha hududlaridagi savdo nuqtalarini to‘liq to‘lov terminallari va naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan.