15 aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyatiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatishni buyurdi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp e’lon qildi.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, u o‘z qarorini JSST koronavirus haqida o‘z vaqtida ma’lumot bermagani va haqiqatni dunyo hamjamiyatiga yetkazmagani bilan asosladi.

«JSST o‘zining asosiy vazifasini bajara olmadi va javobgarlikka tortilishi kerak», — dedi Tramp Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Prezident Tramp JSSTning koronavirus tarqalishidagi rolini to‘liq baholash jarayoni yakunlanmaguncha AQSH Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yo‘naltiriladigan mablag‘larni to‘xtatib turishini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antonio Guterrish hozir JSST uchun resurslarni kamaytirish vaqti emasligini ta’kidladi.

«Hozir birlashish vaqti va xalqaro hamjamiyat ushbu virusni hamda uning zararli oqibatlarini to‘xtatish uchun birdamlikda ishlash vaqtidir», — dedi BMT rahbari o‘z bayonotida.

Amerika tibbiy assotsiatsiyasi prezidenti Doktor Patrik Xarris bu qarorni «noto‘g‘ri yo‘nalishdagi xavfli qadam va bu COVID-19 infeksiyasini yengishga yordam bermaydi», — deb atadi va Trampni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, Amerika JSSTning eng yirik donoridir. 2019 yilda JSST byudjetining 15 foizi (400 mln dollardan ortiq) AQSH tomonidan moliyalashtirilgan.