Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 14 apreldagi qo‘shma yig‘ilishi qaroriga asosan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va e’lon qilingan karantin talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan bir qator choralar belgilandi.

Xususan, qo‘shma qarorga muvofiq, karantin davrida nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarni qayta ko‘rikdan o‘tkazmasdan, nogironlik muddatlari avtomatik tarzda uzaytirilgan holda pensiya (nafaqa) to‘lovlari davom ettiriladi.

Shuningdek, karantin davrida pensiya va nafaqa (jumladan, dafn marosimi va bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa)larga huquqi paydo bo‘lgan fuqarolarga, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat etish huquqi taqdim etiladi, bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanadi.

Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga bo‘lgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etmasdan, to‘lov muddatlari 4 oy muddatga uzaytiriladi.