OPEK va Rossiya neft qazib olishni rekord darajaga qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomani qayta ko‘rib chiqib, qazib olish hajmini kuniga 10 mln barrel o‘rniga 9,7 mln barrelgacha kamaytirishga kelishib oldi. Bu haqda OPEK tashkilotining rasmiy saytida xabar berildi.

12 aprel kuni OPEK tashkilotiga a’zo davlatlar hamda a’zo bo‘lmagan OPEK+ guruhi mamlakatlari ishtirokida o‘ninchi favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda umumiy neft qazib olish ko‘rsatkichi 9 aprelda erishilgan kelishuvga nisbatan qayta ko‘rib chiqildi. Yakunda neft qazib olish hajmini 1 maydan 30 iyunga qadar kuniga 9,7 mln barrelgacha kamaytirish hamda energetika bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shishga kelishib oldilar.

Qayta ko‘rib chiqilgan kelishuvga ko‘ra, davlatlar 1 iyuldan 31 dekabrgacha neft qazib olish ko‘rsatkichini 7,7 mln barrelgacha qisqartiradi. Undan so‘ng, rejaga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 30 aprelgacha (16 oy davomida) davlatlar tomonidan kelishilgan holda kuniga 5,8 mln barrelgacha kamaytirishga kelishildi. Mazkur shartnomaning amal qilish muddati 2022 yil 30 aprelgacha belgilangan.

Mazkur shartnoma tarixiy ahamiyatga ega, chunki OPEK va OPEK+ davlatlari o‘z tarixida ilk marotaba neft qazib olish hajmini rekord darajada pasaytirish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Shartnomaga asosan dunyoda neft ishlab chiqarishning umumiy pasayishi taxminan 20 million barrelga yetadi va bu global neft ta’minotini 20 foizga pasaytirishi mumkin. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, bu o‘z o‘rnida, neft narxining asta-sekin ko‘tarilishiga olib kelishi kerak, ammo koronavirus pandemiyasi ortidan yoqilg‘ilarga talab pasayishi sababli mazkur kelishuv neft narxini ko‘tarish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Mu’lumot uchun, avvalgi muzokaralar Meksikaning kelishuv shartlariga rozi bo‘lmagani sababli to‘liq kuchga kirmagan edi. Bu safar Meksika kelishuvga qo‘shildi. Endilikda Meksika o‘zining neft qazib olish ko‘rsatkichini oyiga 400 ming barrel o‘rniga atiga 100 ming barrelga qisqartiradi.