O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlarning qon zardoblarini og‘ir ahvoldagi COVID-19 bemorlari quyish orqali virusga qarshi kurash usulini joriy etish boshlanadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

«Sog‘aygan fuqarolarimizning qon zardobi kasallikni boshidan kechirayotgan bemorlarimiz uchun nihoyatda bebaho bo‘lib, ularning ushbu xastalikni yengil o‘tkazishi va tezroq tuzalishlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu usulni mamlakatdagi bir qator tajribali olim va shifokorlar bilan kelishilgan holda joriy etish boshlanadi.

Vazirlik amaliyotning ilmiy asosi sifatida COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar qon zardobida virusga qarshi immun tanachalar paydo bo‘lishi hamda ular virusning o‘limiga olib kelishini keltirib o‘tdi.

Bunda koronavirus infeksiyasidan tuzalgan insonlardan zardob olishdan oldin, bir nechta infeksiyalarga tekshiriladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qo‘shimcha infeksiyasi va kasalligi bo‘lmagan insonlar zardobining kichik bir qismi olinadi. So‘ngra yig‘ib olingan zardob yana qo‘shimcha ishlov berish jarayonlaridan o‘tkazilib, kasallik og‘ir kechayotgan bemorlar roziligi va shifokor ko‘rsatmalari hamda maxsus tartiblarga qat’iy rioya qilingan xolda qo‘llanilishi mumkin.

«Eng muhimi, COVID-19 infeksiyasidan tuzalgan insonlarning qon zardobi — kasallik og‘ir kechayotgan yoki uzoq davom etayotgan bemorlarimizga virusni tezroq va osonroq yengish uchun qo‘shimcha kurashish manbai bo‘lib xizmat qiladi», — deyiladi xabar so‘ngida.