Chirchiq shahrida joylashgan «Aziya» to‘yxonasida 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro M.E. hech qanday hujjatlarsiz tibbiy niqob ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu tikuvchilik sexi 2 aprelda ish boshlab, noqonuniy ravishda 183 nafar ishchi ayollarni yollagan. Ular bilan og‘zaki ravishda, har bir niqob uchun 60 so‘mdan ish xaqi berishga kelishgan. Ushbu joyda tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati va belgilangan sanitariya talablariga javob berishiga e’tibor berilmagan deyiladi xabarda.

Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bino ko‘zdan kechirilganda 131 973 dona tayyor tibbiy niqob, 170 000 dona yarim tayyor mahsulot va 21 dona kleylash uskunasi, jami 301 994 dona, umumiy narxi 156 million 696 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar borligi aniqlandi.

Nazorat tadbiri natijasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik ashyolari masala qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik olib qo‘yilgan.