Kelgusida o‘quv yilidan boshlab chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari)ni bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyasiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu O‘zbekiston prezidentining «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aks etgan.

Mazkur ustama yosh kadrlarning xorijiy adabiyotlardan keng foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida, Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilanadi. Biroq, qarorga ko‘ra, mutaxassislik fanlarni 3 bahoga o‘zlashtiradigan talabalar bunday imkoniyatdan mahrum etiladi.

Shu bilan birgalikda, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Buyuk Britaniya konsalting kompaniya — Quacquarelli Symonds, Buyuk Britaniya nashriyoti — Times Nigher Education, Szyaotun Shanxay universiteti — Academic Ranking of World Universities) reytingida tibbiyot yo‘nalishida birinchi 200 o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalarida klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan: davlat tibbiyot muassasalari xodimlari lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama; falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan mutaxassislarga davlat tibbiyot muassasalarida lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.