Prezident qaroriga ko‘ra yangi o‘quv yilida boshlab tibbiyot yo‘nalishida davlat granti asosida qabul kvotalari hududlarning shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

2020−2021 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning «Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Kasbiy ta’lim (davolash ishi)» yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida qabul kvotalari tuman va shaharlar kesimida shakllantiriladi.

Bitiruvchilarni yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’iy nazar qabul kvotasida ko‘rsatilgan tuman yoki shaharda kamida 5 yil ishlash majburiyati kiritiladi va istisno holatlarning ro‘yxati belgilanadi.

Vrachlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun kelgusi o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga qabul parametrlari 50 foizgacha oshiriladi.

2020−2021 o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura talabalarining bitiruv kursini hududiy tibbiyot markazlarida tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu choralar amaliyotga yo‘naltirilgan tibbiy ta’limni rivojlantirish va hududlarni tor mutaxassisliklar bo‘yicha vrachlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Bakalavriat va magistratura o‘quv rejalaridagi mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar 2 barobarga qisqartiriladi va o‘rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish fanlari kiritiladi.

1 avgustga qadar mutaxassislik yo‘nalishlarida asosiy hisoblangan xalqaro tan olingan mualliflarning adabiyotlari hamda profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini qo‘llash bo‘yicha xorijiy darsliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish asosida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlari takomillashtirilishi ham belgilangan.

Shuningdek, endilikda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining davolash ishlari prorektorlari bir vaqtning o‘zida ushbu ta’lim muassasasi klinikalarining bosh shifokorlari sifatida ham faoliyat yuritishadi.