Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan umumhalq muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda markaz rahbari Eldor Tulyakov o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi, hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshirish taklif qilinmoqda.

Tug‘ilgan bolaga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish vaqtida uni otasi yoki onasining doimiy ro‘yxat manzili bo‘yicha idoralararo avtomatlashgan tizim orqali doimiy ro‘yxatga olish tartibi kiritilmoqda.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbarining ma’lum qilishicha, loyihalarni tayyorlashda fuqarolarning fikr-mulohazalari va xorijiy tajriba chuqur o‘rganilib, inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qoidalar va kafolatlarni belgilashga asosiy e’tibor qaratilgan.