O‘zbekistondan qaytgan Qozog‘iston fuqarosida koronavirus aniqlangani va u Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi to‘y marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi.

Bayonotga ko‘ra, mazkur vaziyat yuzasidan Qozog‘istonning tegishli idoralari tomonidan O‘zbekistonga rasmiy ma’lumot kelib tushmagan. Vazirlik tomonidan chuqurlashtirilgan profilaktik chora-tadbirlar (epidemiologik surishtiruv) o‘tkazilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 14 mart kuni Qozog‘istonda doimiy yashovchi 20 nafar fuqaro (shularning 3 nafari voyaga yetmagan) mikroavtobusda Qoraqalpog‘istonga mehmonga kelib, ularning 16 nafari (2 nafari voyaga yetmagan) To‘rtko‘l tumani «Tozabog‘yop» OFYda yashovchi fuqaroning uyida mehmon bo‘lib qolgan. Qolgan 4 nafar mehmon (1 nafari voyaga yetmagan) Ellikqal’a tumani «Ellikqal’a» OFYda yashovchi fuqaroning uyiga mehmonga ketgan.

Qozog‘istonlik fuqarolarning O‘zbekistonga kelishdan maqsadi to‘y marosimlarida ishtirok etish bo‘lgan. 14−25 mart kunlari oralig‘ida To‘rtko‘l tumanida bo‘lgan fuqarolar 3 xonadonda mehmonda bo‘lib, 18 mart kuni nikoh to‘yida qatnashgan. Ellikqal’a tumanida bo‘lgan fuqarolar 2 xonadonda mehmonda bo‘lgan.

Mehmonga kelgan 20 nafar fuqaro 25 mart kuni To‘rtko‘l tumanidan Toshkent viloyatining «G‘ishtko‘prik» chegara posti orqali Qozog‘istonga chiqib ketgan. Yo‘lda ketayotib hech qayerda to‘xtamagan, boshqalar bilan muloqot qilmagan, o‘zlarining yonida bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgan.

Qozog‘iston fuqarolarining barchasi 26 mart kuni o‘z manzillariga yetib borgan va ular tegishli tartibda karantinga olingan. Ularning ichida 60 yoshli ayolda laboratoriya tekshiruvlari natijasi bo‘yicha koronavirus kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar kasalxonasiga joylashtirilgan.

Kasallik bilan gumon qilingan fuqaroning yaqinlari bergan ma’lumoti bo‘yicha, ayolning laboratoriya tekshiruv natijasi koronavirusni ko‘rsatgan bo‘lsa ham, ayolda va u bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarda kasallik belgilari yo‘q, ularning ahvoli yaxshi.

Vazirlikning ma’lumot berishicha, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida qozog‘istonlik fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar aniqlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, tegishli laboratoriya tahlillari olingan. Ularning tana harorati nazoratga olinib, 14 kunlik uy sharoitidagi karantinga olingan. Shu kunga qadar bu fuqarolarning hech birida koronavirus kasalligining belgilari aniqlanmadi.

Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, To‘rtko‘l tumanida karantinga olingan 3 ta oilaning a’zolari koronavirusga test topshirishgan va ulardan hech kimda infeksiya aniqlanmagan.

Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, 31 mart soat 22:30 holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalingan birorta bemor aniqlanmadi.