Yunusobod tumanida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish choralariga zid ravishda fuqaro A.Sh. qizining nikoh to‘yi munosabati bilan «Kuyov navkar» marosimi o‘tkazilganligi aniqlangan. Ushbu fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilganligi haqida Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, 28 mart kuni Yunusobod tumani, Markaz-4 mavzesida fuqaro A.Sh. kuyovi va uning o‘rtoqlari ishtirokida «kuyov navkar» marosimini o‘tkazgan. Fuqaro IIB hudud profilaktika inspektori va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan ogohlantirilgan bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan JKning 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida, to‘y, oilaviy tantanalar, maraka va boshqa marosimlarni o‘tkazish vaqtincha taqiqlangan.