AQSH 26 mart kuni tasdiqlangan koronavirus holatlari soni bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Jons Xopkins universiteti mamlakatda 85,4 ming kishining infeksiyani yuqtirganini hisoblab chiqdi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich Xitoyda 81,7 ming, Italiyada esa 80,5 mingni tashkil etmoqda. Kasallik yuqtirish holatlari Amerikaning 50 ta shtatida qayd etilgan.

Prezident Donald Tramp mamlakat aholisi o‘rtasida ommaviy ravishda tekshiruvlar o‘tkazilgani bilan izohladi.

Ayni paytda AQSHda aniqlangan holatlarga nisbatan o‘lim darajasi ancha past qolmoqda — 1292 kishi. Bu raqam Xitoyda 3291 ta va Italiyada 8215 tani tashkil etmoqda.

JSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 465 ming nafar, virusdan vafot etganlar esa 21 ming kishidan iborat bo‘lmoqda.