Xitoy hukumati epidemiologik vaziyat yaxshilangani bois 25 martdan Xubey, 8 apreldan esa uning ma’muriy markazi Uxan bilan transport cheklovlarini bekor qiladi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Ikki haftalik davr mobaynida karantin bekor qilinishi natijasida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatning o‘zgarishi tahlil qilinadi. Bunda epidemiya o‘chog‘ida tashqi duyondan uzilib qolgan shaxslarning safarlari hisobga olib boriladi.

Biroq yangi turdagi koronavirus tarqalish manbai bo‘lgan Uxandagi epidemiologik vaziyat yaxshilangan bo‘lsa ham, shahar aholisi yana ikki hafta qat’iy karantin ostida bo‘ladi.

Shahar va provinsiyadan chiqish va harakatlanishga faqat sog‘lom fuqarolarga ruxsat beriladi, barcha safarlar «salomatlikning yashil kodi» deb nomlangan qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiriladi. Ushbu qoidalar kishining sog‘lomligi va atrofdagilarga xavf tug‘dirmasligini anglatadi.

Xubey provinsiyasida «yashil kod» olish uchun salomatligi, to‘liq ism-sharifi, shaxsini tasdiqlovchi raqam, telefon raqami, yaqin vaqtlardagi safarlari, aloqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi, shuningdek, koronavirus nuklein kislotasi testidan majburiy o‘tishi kerak bo‘ladi.

Kod olgan kishi transport, jamoat joylariga kirishda, shuningdek, shahardan va provinsiyadan chiqishda skanerdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Agarda salomatligida muammolar bo‘lsa, fuqaroga qizil kod beriladi va uning jamoat joylariga borishi taqiqlanadi, transportdan foydalana olmaydi.