Bir hafta davomida Toshkentda va O‘zbekistonning barcha viloyatlarida karantin vaqtida fuqarolarni 14 kunga joylashtirish uchun uchtadan (Qoraqalpog‘istonda — 4ta) karantin bazalari tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 23 martdagi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida viloyatlar hokimliklariga ushbu topshiriq berilgan.

Bazalar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligiga qarashli sanatoriy va boshqa sog‘lomlashtirish maskanlarida hamda davlat tasarrufidagi dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari, mehmonxonalari negizida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, qisqa muddatda karantinda saqlanayotgan shaxslarni bir-biridan ajratgan holda ular o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining maksimal oldini olish imkonini beruvchi maxsus karantin ob’ektlari quriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga 10 kun muddatda mamlakatda koronavirus tarqaishi darajasini tahlil qilib, SSV bilan kelishuv asosida xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirusga chalinganlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.