Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident 17 mart kuni ushbu o‘zgarishni nazarda tutgan qonunni imzoladi. Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, to‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik BHMning 30 baravari (6 mln 690 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

To‘yxona, kafe va restoranlar egasi tomonidan ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur tartib Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.