Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda avtomobillar narxi oshirilganiga o‘z munosabatini bildirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Mana ko‘ryapsizlar, avtosanoatimiz rahbarlari mashinalar narxini oshirishga qaror qilgani odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu iqtisodiy jihatdan kerakdir, lekin hozirgi sharoitda to‘g‘ri emas. Biz xalqqa yengillik yaratishimiz lozim. Har bir qarorni yetti marta emas, yetmish marta o‘ylash zarur. Avvalo xalqimizning sotib oluvchanlik qobiliyatini mustahkamlash kerak», — dedi Prezident.

Davlat rahbari bozor iqtisodiyotiga o‘tish og‘irligi, lekin mamlakat shu yo‘ldan borishini ta’kidladi.

Yaqinda UzAuto Motors ishlab chiqarayotgan bir qator Chevrolet modellari narxlarini oshirgani jamiyatda noroziliklarni keltirib chiqardi. Kompaniya narxlarning oshirilishini ichki va tashqi bozordagi makroiqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘ladi. «O‘zavtosanoat» rahbari Shavkat Umurzoqov esa «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ishlab chiqaruvchining tannarxni pasaytirish bo‘yicha majburiyatlarni bajarayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors avtomobillari narxlarini tahlil qilishni rejalashtirayotganini hamda Investitsiyalar vazirligidan chet eldan avtomobillar olib kirganlik uchun boj miqdorini pasaytirish hamda setifikat berish jarayonini soddalashtirishni so‘rashini ma’lum qildi.