Germaniyadan kelgan ikki Qozog‘iston fuqarosida koronavirus aniqlandi. Tengrinews.kz nashrining xabar qilishicha, bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov ma’lum qildi.

«Ma’lumki, biz uch oydan beri koronavirus bilan kurashmoqdamiz. Virus tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rdik. Bugun Germaniyadan kelgan ikki fuqaromizda koronavirus aniqlandi. Ular Olmaotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Klinik alomatlari yo‘q, ular o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Barcha zarur choralar ko‘rilmoqda», — dedi u.

Avvalroq bosh davlat sanitariya shifokori Jandarbek Bekshin prognozlarga ko‘ra Qozog‘istonda koronavirusga chalinish bo‘yicha birinchi holat 11−16 mart kunlari ro‘yxatga olinishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev maxsus profilaktika choralarini amalga oshirish haqida e’lon qildi. Mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Maktablarda ta’tillar avvalroq — 16 martdan boshlanadi va 5 aprelgacha davom etadi. Universitetlar masofaviy o‘qishga o‘tmoqda.

Qasim-Jomart Tokayev fuqarolarni oziq-ovqat va zarur tovarlar yetkazib berishda uzilishlar bo‘lmasligiga ishontirdi.