2020-yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Bu prezidentning 6-martdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Joriy yilgi hosildan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdori har bir g‘alla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytiriladi.

2021-yil hosilidan boshlab:

  • davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi;
  • davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste’molchilarga, shu jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi;
  • ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi don Jamg‘arma tomonidan fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinadi;
  • don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda 2021−2023 yillarda urug‘lik yetkazib berish bosqichma-bosqich Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlarini tahlil qilgan holda, har yili 1 avgustga qadar kelgusi yil g‘alla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlarni e’lon qiladi.