Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekistonda xalqaro sport tadbirlari va musobaqalarini o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida buruq qabul qildi, deya xabar berdi Sport vazirligi matbuot xizmati. Mazkur qaror koronavirusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Buyruq bilan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolarining ishtiroki hamda tizim xodimlarining xorijiy xizmat safarlari vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, sport turlari bo‘yicha respublika sport musobaqalari (chempionat va kuboklar) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy sport musobaqalarini esa hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan kelishgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

22 mart kuni Toshkentda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan «Navro‘z» xalqaro marafoni borasida yakuniy qaror qabul qilinganicha yo‘q, deya xabar berdi Sport vazirligi vakili «Gazeta.uz»ga. Hozirda marafonni chet ellik ishtirokchilarsiz o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, biroq aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha musobaqalar bekor qilindi.

Avvalroq Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘chirilgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati ham noma’lum muddatga qoldirilgani xabar qilingan edi. Ushbu musobaqa 16−25 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kerak edi.