Xitoyning PetroChina neft-gaz kompaniyasi tabiiy gaz importini qisman to‘xtatishi haqida yaqin hamkorlarini ogohlantirgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston tomoni ushbu mazmundagi maktubni qabul qilgani, ammo ayni paytda gaz yetkazib berish to‘xtatilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Energetika vazirligi «Gazeta.uz»ga munosabat bildirdi.

«O‘zbek tomoni Xitoy kompaniyasidan tabiiy gaz importi hajmining qisqarishi haqida ogohlantirish olgan. Ammo tabiiy gaz yetkazib berishda to‘xtalish bo‘lmadi va ishlar odatiy normada davom etmoqda», — dedi vazirlik matbuot kotibi Elmira Bekmurodova.

Avvalroq PetroChina ayrim turdagi tabiiy gaz, xususan siqilgan va quvurlar orqali import qilinayotgan gaz sotib olish shartnomalarini to‘xtatgani xabar berilgandi. Bu haqda xabar tarqatgan Reuters agentligiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi mavsumiy gaz iste’moli sur’atiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumoti bo‘yicha, Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2019 yil 11 oy yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Xitoyga 2,1 mlrd dollar qiymatidagi tovar va xizmatlarni eksport qilgan. Mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatida esa gaz eksporti qariyb 20 foizli ulushga ega.

Rasmiy Toshkent holatga izoh berib, O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti keyinroq kamayishini istisno etmadi. Shuningdek, eksport hajmidagi tushish raqamlarda oshkor etilmagan.