Avtomobil sotib olish uchun kreditlarni faol ravishda ajratayotgan banklar kelgusidagi xatarlarni anglayotganlari yo‘q. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Avval xabar qilinganidek, yanvar oyida milliy valyutadagi kreditlarning bank foiz stavkalari 25,8 foizgacha o‘sgan edi. Markaziy bank buni umumiy kreditlar hajmida qimmatbaho avtokreditlar ulushining o‘sishi bilan izohladi. O‘tgan yili o‘rtacha stavka 25027 foiz atrofidani tashkil etgan bo‘lsa, yanvarda 28−32 atrofida bo‘ldi.

«Gazeta.uz»ning aholining avtokreditlarga qiziqishi oshgani haqidagi savoliga javob berar ekan, Mamarizo Nurmuratov MB bozorni barqarorlashtirish uchun makro miqyosda majburiy choralarni kuchaytirishini ma’lum qildi.

«Biz bu yerda hech qanday cheklovlarni joriy etmaymiz. Biz faqatgina kelgusida banklarga avtokreditlar ajratishga bo‘lgan xohishlarini avtomat ravishda pasaytirishga imkon beradigan makro miqyosdagi majburiy nazoratni kuchaytiramiz. Avtokreditlash bilan faol shug‘ullanayotgan banklarning o‘zlari hozircha kelgusida qanday xatarlar bo‘lishini anglayotganlari yo‘q», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

«Avtokreditlar — juda riskli kreditlardan hisoblanadi, chunki kredit hisobiga sotib olingan avtomobilning o‘zi garovga qo‘yiladi. Uning qiymati foydalanilgani sari kundan-kunga kamayib boraveradi. Bizning makro miqyosli majburiy choralarimiz ushbu bozorni muayyan darajada barqarorlashtirishimizga imkon yaratadi», — dedi Markaziy bank rahbari.