O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarni profilaktika hisobiga qo‘yish jarayonini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Ushbu masala o‘tgan juma kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati yalpi majlisida muhokama qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Senator Nazira Muxtorva voyaga yetmaganlarni profilaktika hisobiga qo‘yish vakolatini Mahalla va oila masalalari vazirligi, Yoshlar ittifoqi va xalq deputatlari mahalliy kengashlar komissiyalariga o‘tkazishni taklif qildi. Hozirda bu ish bilan profilaktika inspektorlari shug‘ullanmoqda, uning qarori tuman yoki shahar ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari tomonidan imzolanmoqda.

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov hisobga qo‘yish voyaga yetmaganlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tan oldi. U profilaktika inspektorlari vakolatlarini Sog‘liqni saqlash tizimiga o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarining ham ushbu vazirlik tizimiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Bolalar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga olib kelinganida, xodimlar ularni mahbuslardek qo‘riqlamoqda. Bu noto‘g‘ri», — dedi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari.

Senat raisi Tanzila Norboyeva vakolatning SSVga o‘tkazilishini to‘g‘ri emasligini, chunki bu masala ushbu vazirlik kompetsensiyasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayonni Xalq ta’limi vazirligi tizimiga o‘tkazish maqsadga muvofiq.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davron Azizov senatorning taklifini qo‘llab-quvvatladi. U profilaktika inspektorlari hisobga qo‘yish o‘rniga voyaga yetmaganlar bilan umumiy tartibda suhbatlar o‘tkazishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida» va «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida» qonunlarni birlashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi hujjat profilaktik hisobiga qo‘yish qoidalarini qayta ko‘rib chiqadi va bekor qilishi mumkin.

Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (RBIMM) direktori Vasila Alimova bu yo‘nalishda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan emas, Xalq ta’limi vazirligi yoki Mahalla va oila masalalari vazirligi, shuningdek, nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yaxshiroq deb hisoblaydi.