AQSH markaziy banki vazifasini bajaruvchi Federal zaxira tizimi (FZT) qayta moliyalash stavkasini 1−1,25% darajasiga tushirdi (bunga qadar 1,5−1,75% edi), deya xabar qildi RBK FZT bayonotiga tayangan holda.

FZT foiz stavkalarini tushirish haqidagi qarorni 2008 yilda jahon moliyaviy inqirozi vaqtidan buyon ilk bor tashkil etilgan favqulodda yig‘ilishda qabul qildi. O‘shanda eng yirik banklardan biri Lehman Brothers bankrotlik to‘g‘risida ariza yozgan edi.

Qaror iqtisodiy faollik uchun qo‘shimcha xatarlar yaratayotgan COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan qabul qilindi, deya qayd etdi nazoratchi.

«AQSHning iqtisodiy asoslari kuchli. Biroq koronavirus iqtisodiy faollik uchun rivojlanib boruvchi xatarlar yaratmoqda. Ushbu xatarlar ortidan hamda bandlik va narxlar barqarorligi sohalaridagi eng yuqori maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Ochiq bzordagi operatsiyalar bo‘yicha federal qo‘mita bugun federal jamg‘armalar bo‘yicha maqsadli stavkalar diapazonini ½ foiz bandiga pasaytirishga qaror qildi», — deyiladi xabarda.

FZT qarori to‘g‘risida e’lon berilishi arafasida Bloomberg AQSH perizdenti Donald Tramp ma’muriyatidan bo‘lgan amaldorlar COVID-19 tarqalishining iqtisod uchun oqibatlarini kamaytirish maqsadida foiz stavkalarini pasaytirish lozimligini talab qilgani haqida xabar berdi.

Fond bozori FZT qaroriga tezkorlik bilan munosabat bildirdi. S&P500 indeksi 2,5%, Dow Jones — 2,3%, NASDAQ — 2,4%ga o‘sdi. Biroq indekslar tez orada FZT qarori qabul qilingungacha bo‘lgan darajalariga qaytdi. AQSH dollari indeksi esa pasaydi.