Omonullo Zabihullayevich Nasriddinxo‘jayev yangi tayinlangan moliya vaziri Timur Ishmetovning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi.

Shu paytgacha u prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Omonullo Nasriddinxo‘jayev Toshkent davlat universiteti (1994), Italiyadagi Bokkoni universiteti boshqaruv maktabi (2002) hamda Harvard ishbilarmonlik maktabi (2016) bitiruvchisi sanaladi.

U turli yillarda Markaziy Osiyodagi Jahon banki vakolatxonasining xalqaro tahliliy boshqarmasida (1994−1995), Credit Suisse O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari (1995−1998), O‘zbekistondagi Credit Suisse First Boston vakolatxonasi rahbari (1998−2000) lavozimlarida ishlagan.

O‘zbekistondagi BMTTD qator loyihalarini boshqargan Nasriddinxo‘jayev 2005—2006 yillarda Xalqaro moliya korporatsiyasida moliya masalalari bo‘yicha maslahatchi, shuningdek, tashkilot doirasida Markaziy Osiyoda ipoteka kreditini rivojlantirish loyihasi rahbari o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.

Bundan tashqari, u 2007−2010 yillarda Alisher Usmonov boshqaruvidagi «Yujno-uralskaya gorno-pererabatыvayuaya kompaniya» MCHJda (USM Holdings tarkibiga kiradi) ishlagan. Shundan keyin «Metalloinvest» holding kompaniyasi (USM Holdings tarkibiga kiradi) direktori o‘rinbosari bo‘lgan. 2011−2016 yillarda Nasriddinxo‘jayev «Baykalskaya gornaya kompaniya» AJda (USM Holdings tarkibiga kiradi) rais o‘rinbosari, 2016 yildan boshlab, moliya va iqtisodiyot masalalari bo‘yicha bosh direktori bo‘lgan.