18 fevral kuni bloger Abdufatto (Otabek) Nuritdinov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Asakadagi (Andijon viloyati) Xolid ibn Valid masjidi yaqinidagi spirtli ichimliklar do‘koni peshlavhasi fotosuratlarini e’lon qildi. Fotosuratlar alkogol mahsulotlari chakana savdosi to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi muhokamalarga sabab bo‘ldi.Foto: Otabek Nuritdinov / Facebook.

Xuddi shu kuni bloger videomurojaat joylashtirib, unda do‘kon egasi va uning ikki o‘g‘li IIBdan onasining telefon raqamini olib, uyiga kelganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, do‘kon egasining o‘g‘illari o‘zlarini tajovuzkorona tutib, unga tan jarohatlari yetkazgan va o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Holat yuzasidan Asaka tumani IIB tomonidan olib borilgan dastlabki surishtiruv davomida aniqlanishicha, O.Nuritdinov murojaatida keltirgan spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi do‘kon «Xalilillo quvonchi» nomli xususiy korxonasiga qarashli bo‘lib, do‘kon fuqaro Yu.D. ga tegishli. Shu kuni farzandlari A.X. va A.A. bilan birgalikda O.Nuriddinovning farzandi davolanayotgan Turttosh ko‘chasidagi shifoxonaga borib, Otabek va uning onasi Matlubaxon bilan suhbatlashayotgan vaqtida Yu.D.ning o‘g‘li A.A. uning yuz qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.

Andijon viloyat IIB matbuot xizmati keyinroq jabrlanuvchining videomurojaatini e’lon qildi. Unda bloger do‘kon egasining o‘g‘illari ichki ishlar organlari xodimlari nomini aytib qo‘rqitmoqchi bo‘lganlarini ma’lum qildi. U IIB xodimlarining bu ishga aloqasi yo‘qligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Asaka tuman IIB tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Amaldagi talablarga muvofiq, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishga ta’lim, sport va diniy muassasalardan 200 m radiusgacha masofadan tashqarida joylashgan to‘g‘ri savdo nuqtalariga ruxsat beriladi.