19 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri o‘rinbosari moddiy meros ob’ektlarining tabiiy eskirishi va buzilishidan tashqari, vaziyatga ta’sir etuvchi salbiy omillarni ham ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Oqilovaning aytishicha, tabiiy ekologik muhitda yuz berishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham madaniy meros ob’ektlarining saqlanishiga ta’sir o‘tkazmoqda.

«Masalan, Orol dengizining qurib borishi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan qadimiy yodgorlik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Vazir o‘rinbosari «madaniy meros sohasida yuritilgan noto‘g‘ri davlat siyosati yoki uning bo‘lmagani» ham omillar qatorida ko‘rdi.

«Sovet davrining 20−80- yillarida madaniy meros ob’ektlarini saqlash bo‘yicha yagona tizim paydo bo‘lgandi. Tizimga faqat moddiy madaniy meros ob’ektlarini saqlash boshqarmalari emas, balki restavratsiya qilish instituti mavjudligi, qarorlarga amal qilish ham tegishli bo‘lgan. Biz ko‘rib turgan ta’mirdagi ob’ektlarning aksariyati aynan o‘tgan asrda restavratsiya qilingan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Oqilovaning ta’kidlashicha, mahalliy hokimiyatlar tomonidan madaniy yodgorlik binolarining buzilishiga sabab bo‘layotgan noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinmoqda. Shuningdek, binolarni rekonstruksiya qilish, ijaraga berish masalasida tartiblar buzilmoqda.

«Hokimiyatlar mana shu masalaga bog‘liq harakatlarini biz bilan muvofiqlashtirmasa, muammolar saqlanib qolaveradi. Turli qarorlar qabul qilindi. YUNESKO ro‘yxatidagi ob’ektlar atrofida qurilishga moratoriy e’lon qilindi. Shundan keyin, vaziyat birmuncha yumshadi, lekin batamom ijobiy tomonga o‘zgarmadi», — deya e’tiroz bildirdi Kamola Oqilova.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yildagi «Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, qurilish madaniy qiymatga ega ob’ektga atrofida olib borilsa, departament qoshida tashkil etilgan ilmiy kengash masala yuzasidan xulosa berishi kerak.

«Tarixiylik va shaharlarning o‘ziga xosligini saqlash, madaniy meros ob’ektlaridan tashqari, turar joy binolar qiyofasi ham biz uchun ahamiyatli», — dedi u.

Ta’kidlanganlardan tashqari, YUNESKO butunjahon moddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlar bilan ishlashda aynan YUNESKO konvensiyalari, ya’ni talab va standartlariga muvofiq ish olib borilmasligi ham ta’sir o‘tkazadi, deya fikr bildirdi Oqilova.

«Masalan, Shahrisabz voqeasi bizga dars bo‘ldi, deb o‘ylayman. Shahrisabz bo‘yicha muddat ikki yil muddat berilgan. Uni regeneratsiya qilish imkoniyati bor… Oldimizda ikkita yo‘l bor: shahardagi ob’ektlarni yakka tartibda tashkilot ro‘yxatiga kiritish yoki Shahrisabzni regeneratsiya qilib, uni ro‘yxatda bus-butun saqlab qolish. Albatta, buning uchun katta mablag‘ talab etiladi. Biz hukumat bilan bu masalada kelishuv olib boryapmiz», — deya so‘zida davom etdi vazir o‘rinbosari.

Qolaversa, Oqilovaning fikricha, tarixiy ahamiyatga ega, ammo nochor ahvolga kelib qolgan binolar atrofida shahar markazidagi yerlarni qo‘lga kiritish maqsadida faol tijorat qurilishlarini olib borish oqibatida shaharning tarixiy qiyofasiga ham putur yetmoqda.

«Albatta, aholi o‘sishi, shaharlar kengayishi tabiiy hol. Ammo shaharlar rivojlanishi va tarixiy qiyofani saqlab qolishning oltin o‘rtalig‘ini topish kerak. Samarqand misolida bu muvozanat buzilganini kuzatish mumkin», — deya misol keltirdi Kamola Oqilova.

Shuningdek, ko‘hna obidalar qo‘ynida o‘tkazilayotgan yirik tomosha va tadbirlar, ularga tayyorgarlik ko‘rish va sahna bezaklari madaniy meros holatiga salbiy ta’sir qilishi e’tirof etildi. Madaniyat vazirligi kelgusida bu masalada o‘z pozitsiyasida qat’iy bo‘lishini bildirdi.

Ma’lumot uchun, tarixiy yoki madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 64- moddasi asosida javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Shunga o‘xshash huquqbuzarlikni takroran sodir qilish O‘zbekiston Jinoyat кодексининг 132- moddasida nazarda tutilgan javobgarlik vujudga keladi.