Yanvar oyidan boshlab 10 fevral kunigacha Xitoyda bo‘lib qaytgan 3447 nafar O‘zbekiston fuqarosi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu haqda, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Ulardan 2676 nafarida kasallikning yashirin davri (14 kun) yakunlangani va tibbiy ko‘rik davomida hech qanday koronavirus infeksiyasi belgilari aniqlanmaganligi bois tibbiy kuzatuv ishlari yakunlandi. Bugungi kunda 771 nafar fuqaro 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.

Agentlik virusologiya laboratoriyasida shu kungacha 812 ta namunalar koronavirus infeksiyasiga tekshirilib, ularda koronavirus infeksiyasi topilmadi.

Agentlikning koronavirusga qarshi markaziy shtabi ta’kidlashicha, 10 fevral holatiga O‘zbekistonda koronavirus kasalligi qayd etilmadi.

Jaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda jami 40235 nafar, dunyo bo‘yicha 40553 nafar fuqarolar yangi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bo‘lib, kunlik o‘sish 8 foizni (2987 nafar) tashkil etgan. 909 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan. Kasallik Xitoydan tashqari 25ta davlatda 318 nafar fuqarolarda qayd etildi.