Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva «Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

«Men o‘zim teatr san’ati muxlisiman. Ushbu masala atrofida aytilayotgan tashvishli gap-so‘zlarni eshitib, sizni ishontirib aytamanki, biz teatrimizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz! „Ilhom“ — madaniy hayotimizning faxri!», — deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, 1976 yilda Mark Vayl tomonidan asos solingan «Ilhom» teatri Toshkentdagi Shodlik Palace mehmonxonasi binosida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Mehmonxona binosi xususiylashtirilgach, yangi mulkdor rekonstruksiya munosabati bilan teatrdan binoni aprelga qadar bo‘shatishni so‘ragan.

«Ilhom» tijoriy teatr bo‘lmagani sababli mazkur binoda bepulga ijarada turar, agarda ko‘chishga to‘g‘ri kelsa, butunlay tarqalib ketishi, shu vaqtga qadar shakllangan repertuarlari ham yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. Shu bois teatr jamotchilikdan yordam so‘rab chiqdi.

Avvalroq Toshkent hokimiyati mazkur masalaga mehmonxona binosi joylashgan Shayxontohur tumani hokimiyatining aloqadorligi o‘rganilishini ma’lum qildi. Zero, mehmonxonani xususiylashtirib olgan Ofelos Plaza kompaniyasi o‘z xatida bino tuman hokimiyati talabi bilan rekonstruksiya qilinayotganini sabab qilib keltirgan.