Arabistonlik mutaxassislar Sirdaryo viloyatidagi texnikum negizida energetika sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kollej tashkil etmoqda. Ayni paytda ular viloyatda yangi bug‘-gaz qurilmalarni qurish ustida ish olib borishmoqda. Shuningdek, ular Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

7 fevral kuni energetika vaziri Alisher Sultonov ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Energetika vazirligi tomonidan ACWA Power kompaniyasi bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1250 MVt ga teng ikkita bug‘-gaz qurilmasini (BGQ) barpo etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Tomonlar o‘rtasida 2019 yil 20−21 sentyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika investitsiyaviy forumi doirasida loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.

Foto: Energetika vazirligi axborot xizmati.

Ushbu loyiha O‘zbekiston prezidentining Sirdaryo IES yonida har birining ikkita bug‘-gaz qurilmasi bo‘lgan ikkita elektr stansiyani, har birining quvvati 650−700 MVt bo‘lgan jami to‘rtta BGQ, qurish to‘g‘risidagi topshirig‘iga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida ASWA Power qiymati 1 milliard dollarga teng to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga ikkita BGQni loyihalashtirish, yetkazib berish va qurilishini ta’minlaydi.

Bunda investor tomonidan foydali ish koeffitsenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan BGQning eng so‘nggi modellaridan foydalaniladi, ular yiliga 10 milliard kVt.s ga yaqin elektr energiyani ishlab chiqaradi.

Bug‘-gaz qurilmalarini joylashtirish uchun Energetika vazirligi Sirdaryo viloyati hokimligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan Boyovut tumanida va Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida maydonchalar aniqlangan. Hozirgi paytda investitsiyaviy bitim va elektr energiyani xarid qilish to‘g‘risidagi bitim loyihalari yakunlanish bosqichida muhokama qilinmoqda.

Ayni paytda, ACWA Power bilan birga Navoiy viloyatida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quvvati 500 MVt ga teng shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimni imzolashga doir tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Loyihadagi ob’ektlari 2022 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha qurilish uchun salohiyatli maydonchalarni aniqlashga oid va boshqa zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.