10 fevral holatiga ko‘ra, yangi koronavirus infeksiyasi qurbonlari soni 910 kishiga yetdi, ularning ikkitasi Xitoydan tashqarida, deya xabar berdi RBK.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 37558 kishiga (37251 kishi materikdagi Xitoyda) kasallik yuqqan. XXR tashqarisida 307 ta kasallikka chalinish holati qayd etildi.

Shu bilan birga, yangi koronavirusning tarqalishi sekinlashdi — fevralda yangi yuqtirganlar sonining bemorlar umumiy soniga nisbati yanvar oyiga nisbatan pasaydi, deb yozdi RIA Novosti JSST ma’lumotlariga asoslanib. Shunday qilib, 23 yanvar kuni ushbu ko‘rsatkich eng yuqori daraja — 46 foizga yetdi va so‘ngra pasayishni boshladi. 28 yanvar kuni yangi o‘sish kuzatildi: 39,1 foiz. Biroq, 1 fevralga kelib, u 17,8 ga tushdi va 7 fevral kuni bu ko‘rsatkich 10,2 foizni tashkil etdi.

Xitoy hukumati shu vaqtga qadar koronavirusga qarshi kurash uchun 10 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarfladi. JSST xalqaro hamjamiyatdan virus tarqalishiga qarshi kurashish uchun 675 million dollar ajratishni so‘radi. Tashkilot rahbari Tedros Adan Gebreyesus ushbu virusning dunyo bo‘ylab tarqalishi hozirgacha nazorat ostida ekanini tasdiqladi. Biroq u infeksiyani o‘z vaqtida aniqlay olmaydigan mamlakatlarga yetib borishidan xavotir bildirdi.

BMT yangiliklar markaziga ko‘ra, JSST koronavirus bilan kurashish uchun o‘z mablag‘laridan 9 million dollar ajratdi. Bundan tashqari, 24 mamlakatga 500 ming niqob, 350 ming juft qo‘lqop, 40 mingta respirator va 18 ming himoya kostyumi yuborilgan. Dunyo bo‘ylab 70 laboratoriyaga koronavirusni o‘z vaqtida tashxislash uchun 250 mingga yaqin asbob-uskunalar yetkazildi.

8 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yuqtirish holatlari aniqlanmadi, deyiladi Sanitariya va epidemiologiya farovonligi agentligi byulletenida.

O‘tgan haftada koronavirus tarqalishi sababli Pekin va Uxandan charter reyslari bilan olib kelingan 500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari 14 kunlik karantinga joylashtirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston dorixonalarida tibbiy niqoblarning narxi keskin ko‘tarildi va ularning ba’zilarida taqchilliklar kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘tal, gripp, shamollash va immunitetga qarshi dori-darmonlar narxlari ham oshgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Monopoliyaga qarshi qo‘mitasining eslashicha, narxlarni belgilash, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish tartiblarini buzish farmatsevtika faoliyati litsenziyasining to‘xtatib turilishiga olib kelishi mumkinligini eslatib o‘tdi.