6 fevral kuni soat 10:30 larda 22 yoshli A.K Chust tumanidagi 46-sonli oilaviy poliklinikada tibbiyo xodimini kaltakladi. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mushtumzo‘r jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, poliklinika bo‘lim mudiri lavozimida ishlovchi 59 yoshli X.L. bilan o‘zaro gap tortishib qolgan hamda uning yuz va burun qismiga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Chust tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «a» bandi (bezorilik)bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Tibbiyot xodimlariga bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan tazyiq o‘tkazish, haqorat qilish va kaltaklash holatlari O‘zbekistonda odat tusiga kirgan. Namangandagi hodisa yil boshidan buyon OAVga ma’lum bo‘lgan to‘rtinchi holatdir.

Bunga qadar 28 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada ona va bola UTT hamshirasining burnini sindirgan bo‘lsa, 5 yanvar kuni Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiyot xodimi bemor bolaning buvisi tomonidan kaltaklanib, haqorat qilingan edi. 2 yanvar kuni esa Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida bemorning tog‘asi shifokorning yuziga musht tushirishi oqibatida tibbiyot xodimining bir ko‘zi butunlay ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi holatlarning oldini olish borasida qonunchilikka jazo choralarini kuchaytirishni ko‘zda tutgan o‘zgartishlar kiritish taklifini ilgari surmoqda.