O‘zbekiston davlat organlariga mehnat qonunchiligiga qat’iy amal qilish va xodimlarning mehnat huquqi rioya etish topshirildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi davlat tuzilmalariga yuborildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbalari.

Tahririyat ixtiyorida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov qarori, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev, Oliy sud raisi Kozimdon Komilov buyruqlari nusxalari mavjud. Bir qator davlat organlari ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Hujjatlarda davlat organlariga Mehnat kodeksining quyidagi moddalariga qat’iy rioya qilishga ko‘rsatma berildi: 129 (dam olish kunlari), 130 (dam olish kunlarida ishga jalb etishning cheklanishi), 157 (ish vaqtidan tashqari ishlar hamda dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun haq to‘lash), 220 (nogironlar mehnatini muhofaza qilishning qo‘shimcha choralari), 228 (tungi ishlarda, ish vaqtidan tashqari ishlarda, dam olish kunlaridagi ishlarda ayollar mehnatini qo‘llanishni va ularni xizmat safariga yuborishni cheklash) va 245 (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etishning taqiqlanishi).

Xususan, ish vaqti tugagandan keyin xodimlarni ushlab turish, dam olish kunlari tegishli huquqiy asossiz ishga jalb qilish, xodimlarning ish unumdorligi pasayib ketishi hamda moddiy ta’minot (elektr energiyasi, tabiiy gaz, orgtexnika va boshqa) xarajatlarining ko‘payishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Mehnat kodeksi va «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»dagi qonunning 6, 25-moddalariga muvofiq ish tutilishi qat’iy ta’kidlangan.

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari, dam olish va ta’til kunlarida ishlaganlik uchun ikki baravardan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanishi yoki xodimning xohishiga binoan boshqa dam olish kuni belgilanishi kerak.

Xodimni asossiz ravishda ishga jalb qilish yo‘li bilan qonunchilik buzilgan taqdirda, oylik maosh bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov va boshqa xarajatlar aybdor rahbar hisobidan qoplanishi kerak.

Xorazm viloyati hokimiyatida ish vaqtini elektron hisobga olish tizimini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, u xodimlarning kelish va ketish vaqtlarini qayd etib boradi. Shundan kelib chiqqan holda ish vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash ta’minlanadi.

Shuningdek, davlat tashkilotining tashkiliy-nazorat guruhi, kasaba uyushmasi xodimlarning mehnat ta’tiliga chiqish grafigini ishlab chiqadi va mehnat ta’tili davomida xodimlarning salomatligini tiklash uchun dam olish sanatoriyalarida hordiq olishi va davolanishi uchun xodimlarni imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlashi belgilandi.

Ma’lum qilinishicha, dam olish va bayram kunlarida xodimlarning hokimlik binosiga faqat viloyat hokimligining tashkiliy-nazorat guruhining yozma ruxsati bilan kirish tartibi joriy etildi. Ushbu mazmundagi vazirlik buyruqlari hamda viloyat hokimligi farmoyishlari deyarli barcha hududda imzolangan. Topshiriq Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgani ta’kidlanmoqda.