«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining samolyoti 5 fevral kuni ertalab soat 11: 45da Toshkent aeroportiga qo‘nadi, deya xabar qildi aviakompaniya matbuot xizmati.

Samolyotda 84 nafar yo‘lovchilar, ekipaj a’zolari, shuningdek tibbiyot xodimlari va zamonaviy himoya vositalari bilan virusologiya sohasi mutaxassislari bor. Avvalroq xabar qilinganidek, yo‘lovchilar kelishi bilan vaqtinchalik joylashtirish markaziga yuboriladi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan Xitoydan qaytib kelayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladilar, u yerda butun karantin davrida malakali tibbiyot xodimlar kuzatuvi ostida bo‘ladilar hamda barcha zaruriy dori-darmon, tibbiyot vositalari va tegishli oziq-ovqat bilan bepul ta’minlanadilar.

Uxan va Xitoyning boshqa mintaqalaridan olib kelinayotgan O‘zbekiston fuqarolari butun inkubatsion davrda karantinda ushlab turiladi. 14 kun davomida ularning oila a’zolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashishiga ruxsat berilmaydi.

Yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazida bo‘lishiga oid savol uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligining bosh ofisiga quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin: +998 (71) 276−49−66

Bir kun oldin Pekindan 250 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga kelgan edi.