Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U-16) bosh murabbiyi Azamat Abduraimov o‘z arizasiga binoan ishdan ketdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

53 yoshli mutaxassis jamoani 2018 yil mart oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Uning rahbarligida jamoa 2020 yilgi Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, 16 sentyabrdan 3 oktyabrgacha Bahraynda o‘tkazilishi rejalashtirilgan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Shu bilan birga, yoshlar jamoasi 19−25 yanvar kunlari Belorussiyada bo‘lib o‘tgan Taraqqiyot kubogida (U-17) so‘nggi 8-o‘rinni egalladi.

O‘FAning qayd etishicha, yaqin kunlarda yangi bosh murabbiy nomi e’lon qilinadi.

Azamat Abduraimov futbolchi sifatida 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan, shuningdek, OO‘-94 yarim finalida Janubiy Koreya darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritgan, finalda Xitoy terma jamoasi darvozasiga kiritilgan gollardan birining muallifidir. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida u 21 uchrashuv o‘tkazib, 11 gol urgan.

Murabbiylik faoliyatini 2003 yilda «Ardus» mini futbol klubida boshlab, o‘sha yili mini futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan. 2005 yilda u ikkala lavozimni ham tark etgan.

2005 yildan beri Rossiya futbol ittifoqi qoshida tashkil etilgan «Milliy futboli» («Otechestvennыy futbol») jamg‘armasining bosh direktori bo‘lib ishlagan. U Futbol federatsiyasining Moskvadagi maxsus vakili edi. 2008 yilda (oktyabrdan) u «Bunyodkor» bosh direktori etib tayinlangan. 2009−2010 yillarda «Dinamo» (Samarqand) jamoasini boshqargan.

2012 yilda u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga (U-23) murabbiy bo‘ldi, 2012 yilning ikkinchi yarmidan boshlab «Andijon» klubining bosh murabbiyi bo‘ldi. 2014 yil oxirida u «Andijon» klubi bosh murabbiyi lavozimidan chetlatilishi to‘g‘risida ariza yozdi.