Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilariga tayanib ayni kunlarda Xitoyda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlar ahvoli haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.

Parlament yuqori palatasining xabar qilishicha, hozirda Xitoyning koronavirus tarqalgan murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan hududida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba mavjud bo‘lib, ular bilan mamlakatning Xitoydagi elchixonasi, Bosh konsulxonasi xizmati xodimlari hamda universitet ma’murlari tomonidan doimiy muloqot olib borilmoqda.

O‘zbekistonlik talabalarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq hech qanday shikoyatlar mavjud emas. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan, deyiladi xabarda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 170 kishiga, kasallikni yuqtirganlar soni esa 7,711 kishiga yetdi. Kun davomida 1737 kasallikka yangi chalinish holati qayd etilgan bo‘lsa, 38 ta o‘lim holatini ro‘yxatga olingan (Xubey provinsiyasida 37 ta, Sichuan shahrida bitta). Ushbu davrda kasalxonalardan 124 kishi sog‘ayib chiqqan.

Xitoydan tashqarida Gonkong, Makao va Tayvan; shuningdek, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, Kanada, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Germaniya, Finlyandiyada ham kasallikka chalinish holatlari qayd etilgan.

Ayni paytda ko‘plab mamlakatlar koronavirus ilk bor tarqalgan va hozirda karantin ostida bo‘lgan Uxan shahridan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda. Xususan, 29 yanvar kuni AQSH 200, Yaponiya 206 nafar fuqarosini vataniga qaytardi. Avstraliya, Fransiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozog‘iston ham o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda.