O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus sababli Xitoy va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan kirib kelishini vaqtinchalik cheklashni taklif qildi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi natijasida ko‘plab davlatlar ehtiyot choralarini ko‘rishni boshlagan. Epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. Yana qator davlatlar Xitoy fuqarolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov O‘zbekiston bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishi haqidagi savolga javob berdi.

«Chegarani yopish masalasiga kelsak, bu chorani qo‘llash vazirligimiz vakolatida emas. Ammo bu borada o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, ayni paytda, ya’ni 30 yanvar holatida mamlakatimiz hududida bunday kasallikka chalinish holati birorta ham kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini ko‘rishimiz lozim. Shaxsan o‘zim yurtimiz fuqarolarining Xitoyga borishini cheklash bilan bir qatorda, xitoyliklar va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelishini vaqtinchalik cheklash tarafdoriman», — dedi Alisher Shodmonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu virusning havo-tomchi yo‘li bilan o‘tishi, odamdan odamga yuqishi, bundan tashqari, kasallik belgilarining yashirin davri 14 kun davom etishi kasallik tarqalish xavfini keskin oshiradi.

«Qolaversa, hatto tibbiyoti rivojlangan AQSH, qator Yevropa davlatlari, Osiyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida ham bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur koronavirusga qarshi kurash doirasida nafaqat Xitoydan keluvchilar, balki barcha yo‘nalishlardan davlat hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar qat’iy nazoratdan o‘tkazilmoqda. Chegara punktlari teplovizorlar bilan jihozlangan, virus tashishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

«Aynan virus tarqalgani qayd etilgan hududlardan tashrif buyuruvchilar va kasallikning har qanday belgisi kuzatilgan fuqarolar alohida nazoratga olinadi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida hududga ko‘ra alohida o‘rinlarni shay holda tayyorlab qo‘yganmiz, zarur dori-darmon zaxiralari yaratilgan», — dedi Alisher Shodmonov.

Yangi turdagi 2019-nCoV koronavirusi keltirib chiqarayotgan pnevmaniya Xitoyning qit’adagi barcha 31 ta provinsiyasiga tarqalgan. Eng oxirgi bo‘lib Tibetda kasallikka chalinish holati qayd etildi.

30 yanvar ertalabki holat bo‘yicha, 170 kishi vafot etdi, 128 kishi sog‘ayib, kasalxonadan chiqarildi. Xitoyda jami bo‘lib 7711 kishi kasallikka chalingan. Boshqa mamlakatlarda esa 75 kishida ushbu virus aniqlandi.