O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi yangi Humo Air aviakompaniyani tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda hukumatning tegishli qarorida bayon etilgan.

2018 yili noyabrda prezident Shavkat Mirziyoyev aviatsiya sohasini isloh etishni ko‘zda tutuvchi farmonni imzolagandi. Hujjatga muvofiq, «Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» DUK negizida Uzbekistan Helicopters kompaniyasi tashkil etilgan. DUK balansida «An-2» rusumli havo kemalari, aviatsiya mulki va boshqa mol-mulklar mavjud.

Yangi qarorga muvofiq, Humo Air MCHJ «Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» DUK mulki negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida qayta tashkil etiladi.

Hujjatga binoan, yangi tashkil etiladigan aviakompaniyaga «An-2» rusumli 43ta samolyot va boshqa mulklar o‘tkazib beriladi.

Keyingi ikki oyda Humo Air kompaniyasining biznes-modeli, uch oyda esa kompaniyani rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Uning aviaparki yangi havo kemalarini sotib olish hisobiga boyitilishi rejalashtirilgan. Hujjat bilan kompaniya ish faoliyati bo‘yicha aniq muddat belgilanmagan.

Abdulla Aripov joriy yilda yangi Humo Air aviakompaniyasi tashkil etilishini 18 yanvar kuni e’lon qilgandi.