2019 yil mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 16 256 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 11 142 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 495 106 nafar shaxsga nisbatan 412 807 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 293 588 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini:

  • avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish;
  • soliq solinadigan ob’ektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish;
  • haqorat qilish;
  • mayda bezorilik;
  • transport vositalarini mast holda boshqarish;
  • yengil tan jarohati yetkazish;
  • oz miqdorda talon-toroj qilish;
  • yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi;
  • ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 31 864 nafar shaxsga nisbatan 31 376 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 30 975 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 23 201 nafar shaxsga nisbatan 22 698 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 20 437 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, 982 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ma’muriy sudlar tomonidan 243 172 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 56,7 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 3 754 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 704 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 380 tasi bekor qilindi va 58 tasi o‘zgartirildi.