Toshkent farmatsevtika instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Alimjonov Ibrohim Inomovich 19 yanvarga o‘tar kechasi 61 yoshida vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, professor surunkali yurak ishemik xastaligidan aziyat chekkan. U o‘zining Andijondagi uyida vafot etgan.

Ibrohim Alimjonov 1959 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1982 yilda O‘rta Osiyo pediatriya tibbiyot (hozirgi Toshkent pediatriya tibbiyot) institutini muvaffaqiyatli tamomlab, Andijon shahar 2- bolalar shifoxonasi vrach interni, ordinatori, davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari, keyinchalik Andijon davlat tibbiyot initituti kafedra assistenti, dotsenti va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

U 2012−2018 yillarda mazkur institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori va rektori vazifasida ham ishlagan. Ibrohim Alimjonov 2018 yildan Toshkent farmatsevtika instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.