Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) yarim o‘rta vazn toifasida hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov hamda rossiyalik Sergey Lipins o‘rtasidagi jangni rasman tasdiqladi. Bu haqda Olamsport xabar berdi.

Bokschilar vaqtinchalik IBF chempionlik kamari uchun kechadigan 12 raundlik jangda ringga ko‘tariladi. Hozirda Qudratillo IBF reytingi peshqadami bo‘lib turibdi. Lipinets esa uchinchi pog‘onadan joy olgan.

IBF tashkiloti har ikki bokschining promouterlari uchun 9 fevralga qadar muhlat berdi. Agar tomonlar belgilangan muddatda jang shartlari yuzasidan o‘zaro kelisha olmasalar, u holda jangga egalik huquqi bo‘yicha promouterlar uchun ochiq savdo e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda amerikalik Errol Spens ushbu vazn toifasida IBF va WBC chempionlik kamarlari sohibi bo‘lib turibdi. Lekin yaqinda avtofalokatga uchragan Spens yaqin olti oy ichida kamarlarini himoya qila olmaydi. Shu sababdan ham IBF ushbu tashkilot chempionlik kamariga rasmiy da’vogar Qudratillo Abduqahhorov hamda reytingda keyingi o‘rinni egallab turgan Sergey Lipinets o‘rtasida vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jang o‘tkazilishini rasman belgiladi.