O‘zbekiston Adliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi tomonidan tayyorlanib muhokama uchun qo‘yilgan «Toshkent shahri qabristonlarida go‘r qazish va marosim xizmatlari uchun pullik xizmatlar ko‘rsatish tariflarini belgilash to‘g‘risida"gi poytaxt hokimi qarori loyihasi yuzasidan izoh berdi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Izohda qayd etilishicha, «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida"gi qonun bilan ushbu yo‘nalishdagi asosiy munosabatlar tartibga solinadi. Xususan, qonunning 4-moddasiga asosan dafn etish joylari tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida bo‘ladi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasida esa hokimlar o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi barcha tashkilotlar va aholi uchun majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilishi mumkinligi belgilangan. Bunday tusdagi qarorlar loyihalari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Muhokamaga sabab bo‘layotgan loyihada nazarda tutilgan ijtimoiy munosabatni tartibga solish hokimliklar zimmasiga yuklangan. Xususan, hukumatning 2011 yil 4 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda esa go‘r qazish va marosim xizmatlari uchun pulli xizmatlar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan tariflar bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, qabristonlarni obodonlashtirish, mukammal va joriy ta’mirlash, ularni zarur darajada saqlash mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Qabr qazish va marosim xizmatlari bo‘yicha ishchilar esa pulli xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan oylik olishadi.

Vazirlik hozirgi vaqtda ham barcha hududlarda dafn etish joylaridagi xizmatlar haqi miqdori tegishli viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha undirilishini ta’kidlab o‘tdi. Masalan, Samarqand viloyat hokimining 2019 yil 13 avgustdagi 213-q-son qaroriga muvofiq, katta o‘lchamda musulmoncha qabr qazish uchun 84 964 so‘m pul undirilishi nazarda tutilgan. Toshkent shahar hokimining 2018 yil 3 maydagi qaroriga asosan katta o‘lchamda musulmoncha qabr qazish uchun 92 000 so‘m miqdorda pul undirilishi belgilangan.

Taklif etilayotgan loyiha hududiy moliya organi bilan kelishilgan. Narxlar oylik ish haqi, sarflanayotgan materiallar qiymatining oshganligi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi vazirlik izohida.

Ma’lumot uchun, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qaror loyihasida qabristonlarda an’anaviy musulmoncha go‘r qazish xizmati katta go‘r uchun 115 ming so‘m, boshqa dinga mansublar uchun esa 90 ming so‘m etib belgilangan.