Toshkentda bir necha kun davomida Vatan himoyachilari kuni bayrami nishonlanadi. Shu munosabat bilan poytaxtda harbiy-vatanparvarlik aksiyalari o‘tkaziladi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

10-yanvardan 14-yanvargacha soat 10:00 dan 16:00 gacha “Xalqlar do‘stligi” maydonida harbiy festival bo‘lib o‘tadi. Tadbir dasturida harbiy orkestr va ansambl konsertlari, kursantlarning qo‘l jangi mahorati aks etgan chiqishlari ko‘rsatiladi, harbiy texnika va qurollar namoyish etiladi. Festivalga barcha xohlovchilar tashrif buyurishi mumkin.

12-yanvar, yakshanba kuni soat 10:00 dan 12:00 gacha “Men vatanimning tayanchi bo‘lib xizmat qilaman” shiori ostida marafon bo‘lib o‘tadi. Musobaqa Qurolli Kuchlar muzeyidan boshlanib, Xalqlar do‘stligi maydonida yakuniga yetadi. Unda harbiy xizmatchilar, yoshlar, vazirlik va tashkilotlar xodimlari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, 12-yanvar kuni tushdan keyin soat 14.00 dan 17.00 gacha Xalqlar Do‘stligi maydonida estrada yulduzlari va harbiy orkestr va ansambl konsertlari namoyish etiladi, kirish bepul.

Bayram davomida Mudofaa vazirligi Yashnobod va Sirg‘ali tumanlaridagi ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar kalitlarini harbiy oilalarga tantanali ravishda topshiradi.

O‘zbekistonda Vatan himoyachilar kuni Respublika Oliy Kengashining 1993-yil 29-dekabrdagi qarori bilan 14-yanvarda bayram sifatida nishonlash belgilangan.