2020-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” instituti joriy etiladi. Prezidentning 2019-yil 30 ekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish doirasida tadbirlarni tashkil etish Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Quyidagilar “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan retseptlarni yozish va dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash;
  • tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarga tashrif buyurish, telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta yoki mobil ilovalar orqali murojaat qilish, shuningdek, boshqa masofaviy usullar orqali ma’lumot to‘plash va monitoring olib borish;
  • ma’lumot to‘plash va monitoring qilishga tegishli vakolatli organlar xodimlarini ham, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa shaxslarni (“sirli xaridorlar”) ham jalb etish;
  • tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va (yoki) xodimlarini huquqbuzarliklar sodir etish hamda vakolatlarini suiiste’mol qilishga undovchi usullardan foydalanishini taqiqlash;
  • qonunchilik talablarini birinchi marta buzgan tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar, shuningdek, ularning rahbarlari va (yoki) xodimlariga qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qo‘llamasdan, tushuntirish ishlarini olib borish, har tomonlama yordam ko‘rsatish;
  • “farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” institutini joriy etish doirasida o‘tkazilgan monitoring natijalari asosida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish.

Hujjatda, 2020-yil 1-mayga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga dori vositalariga retseptlar yozish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzganlik, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, dori vositalarini olish huquqini beruvchi retseptlarni yoki boshqa hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish topshirildi.