O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning 24 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining kengaytirilgan majlisida ishtirok etmaganligi holatini o‘rganib chiqdi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Mazkur majlisda umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilingan edi.

Majlisda sog‘liqni saqlash vazirining mazkur masala yuzasidan axborot berishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, na vazir, na uning o‘rinbosari ishtirok etmagan. Senat Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining rasmiy xati Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilganini ma’lum qildi.

25 dekabr kuni Bosh prokuraturada sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya majlisida Alisher Shodmonov Senat Kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etish uchun yozma taklif kelib tushmaganligini bildirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yuborildi.

Senat xabarida qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash vaziriga vazirlikda ijro intizomi tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda Oliy Majlis Senatining murojaatiga mas’uliyatsizlik bilan yondashilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, Senat, Bosh prokuratura rahbariyati hamda prezident maslahatchisi tanqidlaridan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020 yilni korrupsiyaga qarshi kurashish yili deb e’lon qildi.